Mashinalar qurilish maydonlaridan chang-tuproqlarni tarqatmaydigan bo‘ldi
Toshkentdagi qurilish maydonlarida mashinalar g‘ildiraklarni yuvish uchun mo‘ljallangan uskunalar o‘rnatilishi majburiy bo‘ldi. Qurilish materiallarini tashish ustidan nazorat ham kuchaytiriladi.

Toshkentda faoliyat ko‘rsatuvchi qurilish tashkilotlariga qurilish maydonlaridan chiqayotgan mashinalar g‘ildiraklarini yuvishni tashkil etish vazifasi topshirildi. Bu haqda seshanba kuni shahar hokimiyatida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilindi. Poytaxt hokimi Rahmonbek Usmonov 11 oktyabr kuni atrof-muhitni muhofaza qilish va shahar ko‘chalarining ifloslanishini bartaraf etish to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi.

Ko‘p yillar davomida binolar, istirohat bog‘lari qurilishida va yo‘llarni yotqizishda yuk tashuvchi mashinalar g‘ildiraklarida shahar bo‘ylab chang-tuproq tarqatar edi. Bu shaharning changlik darajasining ortishiga olib keldi. Endilikda qurilish ob’ektlaridagi javobgar shaxslar shahar ko‘chalariga chiqarilayotgan transport vositalarining sozligi va tozaligini nazorat qilishlari lozim. Bundan tashqari, qurilish chiqindilari faqatgina maxsus transportda olib chiqib ketilishi lozim.

Hokim o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Farida Abdurahimovaning ma’lum qilishicha, yangi turar-joy mavzelari qurilayotgan Sergeli tumanidagi qurilish maydonlari allaqachon mashina g‘ildiraklarini yuvish va tozalash punktlari bilan ta’minlangan.

Farmoyishga muvofiq, qurilish chiqindilari, qum, tuproq va shaharlarni ifloslashi mumkin bo‘lgan boshqa yuklar ularni oldindan namlantirgan holda maxsus jihozlangan mashinalarda tashilishi lozim. Agarda namlash atrof-muhitni ifloslantirishni bartaraf etmasa, yuk brezent bilan qoplanishi lozim.

Kuz-qish mavsumida qurilish tashkilotlari qurilish ob’ektlariga tutash ko‘chalarning o‘tish qismlarini qor, muz, loy, barg va chiqindilardan tozalash, zarurat tug‘ilganida esa o‘tish qismlari va piyodalar yo‘laklariga qum va tuz sepishlari lozim.

Qurilish hududida tutash yer uchastkalari va ko‘chmas mulk ob’ektlari egalari yoki foydalanuvchilarining huquq va manfaatlari buzilgan holatlarda qurilish ishlari to‘xtatilishi mumkin. Bu haqdagi taklifni tuman hokimlari, Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi hamda Arxitektura va qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi hokimiyatga kiritishi lozim.

O‘rnatilgan tartiblarni buzganlar javobgarlikka tortiladi.

 

Источник: «Газета.uz»